Shabnam

2007 she'r Saylanma

O‘riklar gulini to‘kkanda bahor, Meni ham gohida eslaysizmi, yor, Ilinganim bormi sizga iliqlik, Yo topgan-tutganim edimi ozor? Men esa sizni hech unutolmadim, O, yuzi hilolim, sarviqomatim... Sizni asrar edim sabolardan ham, Bulut yetaklagan havolardan ham. Izsiz qay bag‘irga ketdingiz singib, Yigit yillarimga tomgan ey shabnam?.. Omadim yo‘q mening, o‘zi omadim, O, yuzi hilolim, sarviqomatim. Men gulzor aylangan parvona edim, Bir chechak ishqida mastona edim, O‘zim ayvon, o‘zim ostona edim, Hozircha do‘stona, do‘stona dedim... Nega yuragimga quloq solmadim, O, yuzi hilolim, sarviqomatim. Endi ko‘ngil menga aytmasu sirin, Kechalar xo‘rsinib yashar yashirin. Yigit yillarimga tomgan ey shabnam, Hayot qanday achchiq, xayol esa shirin!.. Bo‘ldi. Bundan boshqa yoza olmadim, O, yuzi hilolim, sarviqomatim...
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.