Umid
1992
She'r
Erka kiyik
Izlab-izlab istaganim topdimmi men,
Mehr so‘rab yo sarobga chopdimmi men.
Yolg‘izman deb goh eshigim yopdimmi men —
Xonamda bir shu’la yoniq, o‘chmadi hech.
Gohi shodon, gohi o‘ksik bo‘ldi bag‘ir,
Goh kunduzda zulmatlarga to‘ldi bag‘ir.
Ziyo izlab za’faronlar bo‘ldi bag‘ir —
Xonamda bir shu’la yoniq, o‘chmadi hech.
Osmonlarda oy to‘ldimi izlaganim,
Oy chiqsa ham, chiqmasa ham bo‘zlaganim.
Dunyo kezib men zorini sezmaganim —
Xonamda bir shu’la yoniq, o‘chmadi hech.
Xonamda bir shu’la yoniq — bag‘ir butun,
Oy chiqsa ham, chiqmasa ham yorishar tun.
Ikkimizga kunduzlarda yo‘q ekan kun —
Xonamda bir shu’la yoniq, o‘chmadi hech.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish