Yor yor
1992
She'r
Erka kiyik
Osmon olis, osmon jim,
Marhamatda qor yog‘ar.
Seni qanday sevardim,
Ko‘rolmadi qarg‘alar.
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan,
Jonim qaqshar, yor-yor.
Qayda bo‘lsang sen bilan,
Sevgim yashar, yor-yor.
Osmon olis, osmon jim,
Osmon quloq soladi.
Yuragimni sog‘inchim,
G‘ijjak qilib chaladi.
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan,
Jonim qaqshar, yor-yor.
Qayda bo‘lsang sen bilan
Sevgim yashar, yor-yor.
Osmon olis, osmon jim,
Osmon yulduz to‘shaydi.
Bilagingda barmog‘im
Izi borga o‘xshaydi.
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan,
Jonim qaqshar, yor-yor.
Qayda bo‘lsang sen bilan
Sevgim yashar, yor-yor.
Bu bevafo dunyodan,
Bir kun men ham o‘tarman.
Yulduz to‘la osmonda
Qo‘shiq bo‘lib qaytarman.
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan,
Jonim qaqshar, yor-yor.
Qayda bo‘lsang sen bilan
Sevgim yashar, yor-yor.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish