Farg'onajon

1992 She'r Erka kiyik

Qurib ketdi kiyik kezgan yaylovlaring, Kelin bo‘lib oy tunagan o‘tovlaring, G‘irot kabi ko‘kka sapchir bedovlaring Shuncha g‘aming yetmasmidi, Farg‘onajon? Tomiringda tovlangan qizg‘aldog‘ing qani, Olmalaring tarsillagan bog‘ing qani, Boburshohni lol aylagan chog‘ing qani, Shuncha g‘aming yetmasmidi, Farg‘onajon? Bisotingda siniq choynak, siniq ko‘zang, Sahardan shomgacha mehnatga g‘arq esang, Bir yelkangda bolang, bir yelkangda g‘o‘zang. Shuncha g‘aming yetmasmidi, Farg‘onajon? Ich-ichimdan ko‘zimga yosh kelar qalqib, Baliqday gung, qo‘ydek yuvosh o‘zbek xalqi! Sen ham bunday qomat kerib yursang balki, Uyingga o‘t ketmasmidi, Farg‘onajon?.. Qurib ketdi kiyik kezgan sayhonlaring, Uloqchi ot chopsa horgan maydonlaring. Quvg‘in bo‘ldi hovlingdan ham rayhonlaring, Shuncha g‘aming yetmasmidi, Farg‘onajon?.. Tinsa tindi qora qumg‘on, qora o‘choq, O‘zing bilmay o‘z taninga urding pichoq. Uying yonib tursa yozgan she’rimga boq!.. Shuncha g‘aming yetmasmidi, Farg‘onajon?
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.