Tavallud
2007
She'r
Saylanma
Qirq yil...
Qancha qushlar ketib, qushlar qaytdi,
Menga mehnat yo‘rgagimdan yuqqan ekan.
Arang anglab oldim, soqov akam aytdi —
Onam meni paxtazorda tuqqan ekan.
Soqov dedim. Akam asli duduq bir oz,
Asli shoir o‘sha o‘zi — men tilmochman.
Dili to‘la dard-u sayrolmaydi xolos,
U bir bulbul bo‘lsa, men bir qaldirg‘ochman.
Yaxshiyamki soqov, —
Ammo dono soqov,
So‘zni saylab yozgin, ko‘ngil to‘lsin deydi.
U sog‘ bo‘lsa bizlarga non tegmasdi-yov,
U sog‘ bo‘lsa bizlarga yo‘l bo‘lsin edi...
Yurtim, omon bo‘lsin bari bolalaring,
Va ularga doya, tug‘rukxonalar ham.
Omon bo‘lsin ufqqa tutash dalalaring,
Dalalarda bizni tuqqan onalar ham.
* * *
Bahorda ko‘p og‘ir
Qiqirlab tursa —
Tizzangga suykalib lolaqizg‘aldoq,
Beg‘ubor yoshliging o‘tgan joylarda
Qo‘ltiqtayoq bilan hakkalab yurmoq.
Yalong‘och novdalar pichirlab tursa
Kuzda, sukunatga cho‘kkanda chorbog‘,
Ko‘p og‘ir, indamay ketib borayotgan
Mo‘min turnalarga boqib o‘y surmoq.
Ko‘p og‘ir, beg‘ubor qorlar yoqqanda,
Qishda, dala-dashtga qo‘nganda tuman
Sopqonga tegmagan o‘qni siypalab,
Urushni eslamoq, sandaldan chiqmay,
Xokisor, vafodor xotining bilan.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish