Xudbinga

2007 She'r Saylanma

Kim-kimga sohibi sanjarman deydi, Sim-simga maqtanib — xanjarman deydi, Qumursqa ham o‘zin ajdarman deydi, Men nima ham derdim. Bol bergan qo‘lingga nayzasin sancha, Qilgan yaxshiliging bilmagan qancha, Oqillarin talar qancha tirrancha, Men nima ham derdim. Imon yo‘q go‘shada ehrom qaydadir, Qalbga taskin qayda, orom qaydadir, Magar jondan kechgin, nima foydadir?.. Men nima ham derdim. Mening yozganlarim shunchaki havas, Menga dilim poshsho — she’rlarim emas, Shoir — sen, desam ham, qo‘ymasang, nokas, Men nima ham derdim. Otamdan qolmagan bu nazmi so‘lg‘in, Men bog‘da gul emas — tog‘dagi yulg‘un! Qo‘lingdan kelsa bor, Navoiy bo‘lgin!.. Men nima ham derdim.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.