Xursanoy opa
2007
She'r
Saylanma
Katta dargohlarning dardi ham katta
Buni anglaganlar anglar, albatta.
Shohga suyumli yor bo‘lib ham hatto
Xursand yashash qiyin, Xursanoy opa!..
Malika qanchalar qayrilmaqoshdir,
Unga shuncha kuygan qo‘yinda toshdir,
Shohga xushomadgo‘y — unga kundoshdir
,Xursand yashash qiyin, Xursanoy opa.
Bormasa yurt kutar, qanday ko‘z yumur,
Kelmasa ko‘ngil g‘ash, et jimir-jimir,
Muhtojlik ko‘rmay ham yashab bir umr,
Xursand yashash qiyin, Xursanoy opa.
Podshoning ko‘ksida ekan boshingiz,
Sizning kimingiz ko‘p — qarindoshingiz,
Kim keldi oqqanda ko‘zdan yoshingiz?..
Xursand yashash qiyin, Xursanoy opa.
Kunduz kechgan do‘stni ko‘rib tutoqib,
Kechalar egasiz ehromga boqib,
Sochlari oqargan Ilhomga boqib,
Xursand yashash qiyin,Xursanoy opa.
Kecha nodonchalar qilishib huzur,
Haykalin tiklashib, haykalin buzib,
Bugun bari kelsa, so‘rashib uzr,
Xursand yashash qiyin, Xursanoy opa.
Ana, farishtangiz turdi ham go‘rdan,
Joyi to‘rda edi — berishdi to‘rdan,
Sizda ham bor ekan manglayda sho‘rdan,
Xursand yashash qiyin, Xursanoy opa.
U kun qabristonga bordim.
Turdim tek,Shoh yotar yonida nabira ham lek
Xuddi Amir Temur bilan Ulug‘bek...
Xursand yashash qiyin, Xursanoy opa.
Bu dard yetar Sizga o‘la-o‘lguncha,
Bardoshingiz tog‘dek bo‘lmasa buncha?
Nolang haqqa yetib qaytib kelguncha,
Xursand yashash qiyin, Xursanoy opa.
She’rim o‘qib dersiz, senga nima g‘am?
Umrimda bir sizni ko‘rmaganman ham.
Kimda g‘am ko‘p bo‘lsa — u mening onam!..
Xursand yashash kiyin, Xursanoy opa.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish