Sog‘indim
1992
She'r
Erka kiyik
Toshkanda… tog‘larni sog‘indim,
Yashil o‘tloqlarni sog‘indim.
Suv bo‘yiga chordona kurgan
Momoqaymoqlarni sog‘indim.
Kechagina yomg‘irda ivib,
Yurar edim kapalak kuvib,
Shudringlarga yuzimni yuvib…
Bolalik chog‘larni sog‘indim.
Toshkanda tong shunday boshlanar:
Quloq yirtar baland poshnalar,
O‘zim tashna, menga tashnalar —
Yalangoyoqlarni sog‘indim.
Yashirib ne qildim sizlardan,
Lola yonoq, hilol yuzlardan,
To‘ydim tillobarmoq qizlardan,
Qo‘li qadoqlarni sog‘indim.
Bilganimni bilgancha bildim,
Yo‘qdan borin binolar qildim,
Shahar keng deb, zinolar qildim,
Uzoq-uzoqlarni sog‘indim.
Aldovlarga qoldim o‘rganib,
Qo‘rqib qoldim ko‘ngil bergani,
Kelganim yo‘q Seni ko‘rgani —
Zilol buloqlarni sog‘indim!..
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish