O‘zbek qizlariga

1992 She'r Erka kiyik

Sodda Muhammadman, Sodda Muhammad — Turkman qizni maqtab baloga qoldim, Ko‘ylagiga havas qilgandim faqat, Toabad tuganmas baloga qoldim... Nega ranjidingiz jon singillarim, Qaboqlar uyuldi, chimirildi qoshlar. Turkman tushunmay tosh otsa chidadim, Ammo yomon botdi siz otgan toshlar. Yorug‘ dunyoda-ku bari qiz go‘zal, Millat tanlamas-ku husn degani, Nigohim jayxundan sakrab o‘tsa sal, Qaydan bilay sizga malol kelganin. Yurtim suluvlari, sizga yo‘q taraf, Qoshingizda o‘sma yursa sirg‘alib. Uzun sochingizni o‘rsangiz tarab, Boqsa degan edim oy ham suqlanib. Asli turkman qiz bir bahona xolos, Izlaganim edi sizlar kabilar. Qumsaganim — hayo momolarga xos, Sog‘inganim edi Kumushbibilar... Yonsam hajringizda mening yonishim, Kuysam siz tufayli ko‘nglimdagi cho‘g‘. Turkman qizlardan yo‘q mening tanishim, Qalinga tuyam ham tushib qolgan yo‘q!
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.