Usmon Nosir
1992
She'r
Erka kiyik
USMON NOSIR
Sabolar qaytgusi baxmal bog‘larga,
Navolar qaytgusi mahtal bog‘larga.
Qodiriyning qabri qizg‘aldoqlarga
To‘lg‘ay kunlar hali kelmog‘i bordir.
O‘shal qizg‘aldoqlar armonim mening,
Osmonga yetmagan narvonim mening.
Jim qolur tinglab gul zabonim mening —
To‘rg‘ay kunlar hali kelmog‘i bordir.
Yulduzlar — Sulton Ulug‘bek imoni,
Topolmasdan sarson Bobur mirzoni.
Cho‘g‘damas bosh uzra Muqanna joni
Bo‘lg‘ay kunlar hali kelmog‘i bordir.
Qora dillar o‘tmish tosh varag‘ida,
Tushmadi qo‘llari hech yarog‘idan.
Boshi ham bir kun vijdon so‘rog‘ida
Turg‘ay kunlar hali kelmog‘i bordir.
She’ring qo‘y, yur Qo‘qon ketaylik, Usmon,
Sen do‘stim deganlar hammasi dushman...
Usmonning qismatin bu O‘zbekiston
Bilgay kunlar hali kelmog‘i bordir.
O‘lsa o‘zi o‘lar,
So‘fi o‘lmaydi,
Hamisha barhayot nasl shoirlar.
Haqiqiy shoirning qabri bo‘lmaydi,
Yurakka ko‘milar asl shoirlar.
Yo‘qsa yo‘qlamoqni o‘rgating menga,
Cho‘lponning go‘rini ko‘rsating menga.
Xazon bilmas bog‘dir shoirning zo‘ri,
Sarxil mevalari muntazir bag‘ir.
Ko‘kka tutash tog‘dir shoirning zo‘ri,
Tog‘ni yerga ko‘mib bo‘larmi axir?..
Ertak so‘ylamakni to‘xtating menga,
Cho‘lponning go‘rini ko‘rsating menga.
Boshga bolish qilib qayin po‘stini,
Balki u horganu uxlab yotgandir.
Dushmani tan berib, qo‘riqlab uni,
Ehtimol, eng yaqin do‘sti sotgandir...
Rost so‘zini aytar, uyg‘oting menga,
Cho‘lponning go‘rini qo‘rsating menga.
Kani she’rni yenggan mahmadonalar,
Yeng shimarib engan mahmadonalar.
O‘zin chorbog‘idan o‘zi yulqilab,
Gulxanga gul ko‘mgan mahmadonalar?
Turtib turg‘azing bir, so‘zlating menga,
Cho‘lponning go‘rini ko‘rsating menga.
O‘zi qalandaru shoir bayti — shoh,
Tuproqda giyohu osmonda qushdir.
Shoirni o‘ldirmoq — suvni yondirmoq,
Yerni sindirmoqdek mushqul yumushdir.
Ey, siz, o‘ylab so‘zni o‘ynating menga,
Cho‘lponning go‘rini ko‘rsating menga.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish