Uch o'g'il va bir qiz qissasi
2019
She'r
Quyoshga qarab oqqan suv
UCH O‘GʻIL VA BIR QIZ QISSASI
Mo‘min cholning uch o‘g‘il,
Yolg‘iz qizi bor edi.
Tuhfa edi taqdirdan,
Kampirdan yodgor edi.
Qiz ertaga egasi
Olib ketar ko‘chday gap.
Yurt kezardi chol bu kun,
Kenjaga kelin izlab.
Qariganda to‘rt tomon
Zir chopish qiyin ekan.
O‘g‘ling qaysar bo‘lsa goh,
Qiz topish qiyin ekan.
Kampir tirik bo‘lganda
Kamayardi zahmati.
Tili shirin, gapga xo‘b
Chechan edi rahmatli.
To‘y – bir kunlik. Pul nima,
Azizmidi jonidan,
Mo‘min ozroq pul oldi
Eski qadrdonidan.
Beka bo‘ldi tovusday,
Kenja o‘g‘il qallig‘i.
Kelin emas, Xudoning
Bergan oltin balig‘i.
Bir kechaning izohi –
Yarmi quvonch, yarmi g‘am.
Eh, qaniydi, shu kunni
Ko‘rganida kampir ham.
Hayot har o‘yiniga
O‘zi topar ta’rifin:
Og‘zi oshga yetganda
Burni qonar g‘aribning.
To‘y o‘tdi-yu to‘shakka
Yotib qoldi Mo‘min chol.
Juda og‘ir hasratga
Botib qoldi Mo‘min chol.
Ajal ostona uzra
Turar ekan suzilib,
Yolg‘iz qizi qismatin
O‘ylardi u ezilib.
Jon degani omonat
Odam Ato o‘g‘liga –
Mo‘min o‘ldi. Tumonat
El yig‘ildi hovliga.
Marhum qanday zot edi? –
Udumda bor bu savol.
Halol edi, dedilar,
Halol edi Mo‘min chol.
El chayqalib, yelkaga
Tobutni ortgan oni,
Ozroqqina qarzini
Eslatdi qadrdoni.
Muslimga omonatdan
Ulug‘ farzi ado yo‘q.
Xaloyiq lol. Bu ne hol –
Uch o‘g‘ildan sado yo‘q.
Uch pahlavon uch pari –
Paykarga qul edilar.
Otamning bunday do‘stin
Tanimaymiz, dedilar.
Qiz-ku erta egasi
Olib ketar ko‘chday gap.
Ammo bu kun davraga
Otildi u qon yig‘lab.
Ayting, dedi, bas qilsin
Akalarim arzini.
Bo‘y yetgan kun to‘layman
Men otamning qarzini.
Ravo topsa u kimni,
Bosh qo‘yaman ko‘ksiga.
Qarz o‘rniga qalinim
Tegsin otam do‘stiga!
Xaloyiq lol. Bu ne hol,
Bu ne savdo, yoronlar –
Otasidan oldinroq
O‘lar bo‘ldi o‘g‘lonlar!
Rivoyatmas aytganim,
Hikmat bo‘lmas yolg‘onda.
Bu voqea ro‘y berdi
Shu kunda, shu zamonda.
Qarzdan kechib ketsa ham,
Ota do‘sti hayratda.
Uch o‘g‘ilni qishloqdan
Haydadilar, albatta.
Qiz-chi, dersiz, qiz hayot,
Yashar ota makonda.
Chunki unga munosib
Yigit yo‘q bu jahonda.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish