Oq rumol qizlar

2019 She'r Quyoshga qarab oqqan suv

O‘tib turing ko‘chamdan goh−goh, Ko‘ngil yayrar ko‘rganim sari. Ey gulbadan, ey kiyik nigoh, O‘zbekoyim nabiralari − Oydin qizlar,oyjamol qizlar, Oydan tushgan oq ro‘mol qizlar. Yerdanmi yo ko‘kdan so‘raymi, Poyingizga jonim beraymi? Sizni shunday kòrib quvonchdan Yorilmagan yurak − yurakmi? Oydin qizlar, oyjamol qizlar, Oydan tushgan oq ro‘mol qizlar. Qonimda−ku abad−azalsiz, Ammo yoddan chiqqan g'azalsiz. Daryolarning ortida qolgan Afsonaviy Tojimahalsiz. Oydin qizlar, oyjamol qizlar, Oydan tushgan oq ro‘mol qizlar. Yursa yo‘lga yog'dular − izi, Parilarga orzular − izi. Siz − onamning yorishgan yuzi, Siz − otamning yo‘qotgan qizi. Oydin qizlar, oyjamol qizlar, Oydan tushgan oq ro‘mol qizlar. O‘sma o‘pgan qoshmi bu zuluk, Buncha poksiz, bunchalar suyuk. Siz borsizki, muhabbat ham bor, Siz borsizki, Muhammad buyuk. Oydin qizlar, oyjamol qizlar, Oydan tushgan oq ro‘mol qizlar.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.