Matematika darsi

2007 She'r Saylanma

Matematika qo‘yni to‘la sir bo‘ladi, Birga birni ko‘paytirsa — bir bo‘ladi. Derazadan mo‘ralaydi olma shoxi, Ufkda bulut — ertaga yomg‘ir bo‘ladi... Matematika, yomg‘irlarda chopgum kelur, Jumbog‘ingga men ham javob topgum kelur. Derazadan mo‘ralaydi bodom shoxi, Boqqa chiqib qo‘ng‘izlarni o‘pgum kelur. Matematika, men ham o‘yga botgum kelur, O‘ylab-o‘ylab... o‘zingga tosh otgum kelur. Sen samolyot kashf etasan, mening esa Yalpiz bilan achomlashib yotgim kelur. Matematika — oy bo‘ladi, yil bo‘ladi, Tankni tankka ko‘paytirsa — kul bo‘ladi... Dunyo qachon bo‘ston bo‘lar, gul bo‘ladi? Adabiyot o‘ylayverib sil bo‘ladi! Matematika — lov-lov yonib turgan cho‘g‘san, Sendan nima yasashlarin bilgan yo‘qsan. Derazadan mo‘ralaydi gilos shoxi, U qo‘ndog‘ing, o‘zing miltiq, o‘zing o‘qsan... Matematika, qo‘yning to‘la sir bo‘ladi. Birga birni ko‘paytirsa — bir bo‘ladi. Qovurg‘amning tagida bir qumri yig‘lar, Doskadan meni ayirsang — ShЕ’R bo‘ladi!
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.