Buramatol bog'da

2020 she'r Alyorim qolur

BURAMATOL BOG‘DA Buramatol bog'da sizni ko'rdim qaydanam, Bir boqdim-u, bilmam, nedir uzildi jondan. Burgut edim, bir kechada tushdim osmondan, Buramatol bog‘da sizni ko‘rdim qaydanam. Qiqirlashib qizlar o‘tar, sizdan darak yo‘q, Qirq qiz ichra biz sog‘ingan qizdan darak yo‘q. Qaylardasiz, bir ko‘rmoqdan o'zga tilak yo‘q, Buramatol bog‘da sizni ko‘rdim qaydanam. Ahvolimni yo‘ying, ana, nega yo‘ysangiz, Ayb mendami, bir qayrilib ko‘nglim olsangiz. Asakangiz ketmas-ku bir kulib qo‘ysangiz, Buramatol bog‘da sizni ko‘rdim qaydanam. Bu qanday bog‘, tollari ham o‘sar buralib, Butoq-butoq kokillarga qoldim o‘ralib. Bag‘rim yonib yashar bo‘ldim, bag‘rim to‘g‘ralib, Buramatol bog‘da sizni ko‘rdim qaydanam. Kuya-kuya ketar bo‘ldim, sizni topolmay, Kulbamda bir yelkangizga ro‘mol yopolmay. Kumushdayin xolingizdan bitta o‘polmay, Buramatol bog‘da sizni ko‘rdim qaydanam. Endi faqat eslash bor-u indash yo‘q sizga, Endi men ham o‘xshab qoldim bir akangizga. Erka kelin bo‘ling endi Asakangizga, Buramatol bog‘da sizni ko‘rdim qaydanam.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.