Qo'yavering
2020
she'r
Alyorim qolur
QO‘YAVERING...
Shamol sabab, ehtimol,
Tunda eshik g‘ichirlar.
Boshlanadi qishloqda,
Sekin pichir-pichirlar.
Sizga nima,
Siz uxlang!
Hech ishingiz bo‘lmasin.
Kimda kimning ko‘ngli bor,
Qo‘yavering, o‘ynasin.
Oshiqlarim oshiqdek,
Mayli, ko‘ngil xushlashsin,
Ikki oshiq istasa,
Shamol bilan mushtlashsin.
O‘ksimasin qiz qalbi,
Yigit ra’yi o‘lmasin —
Kimda kimning ko'ngli bor,
Qo‘yavering, o‘ynasin.
G‘iybat qilmang yigitni,
Uyaltirmang qizni ham.
Shunday o‘tli muhabbat
Siylar bo‘lsin sizni ham.
Bir sovuq so‘z tufayli
Sevgi bog‘i so‘lmasin,
Kimda kimning ko‘ngli bor,
Qo‘yavering, o‘ynasin.
Ilk sevgidan iymanib,
So‘ng pushaymon yonsa kim,
Sepli qizga suykalib,
Epli qizdan tonsa kim,
Nasib etmay yor vasli,
Endi hajri qiynasin.
Kimda kimning ko‘ngli bor,
Qo‘yavering, o‘ynasin.
Ikki yorti bosh uzra
Porlasin ishq quyoshi,
Qizga hayo, yigitning
G‘urur bo‘lsin yo‘ldoshi.
Diydoriga bir-birin
Termulishib to‘ymasin.
Kimda kimning ko‘ngli bor,
Qo‘yavering, o‘ynasin.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish