Taraqqiyot

2019 she'r Quyoshga qarab oqqan suv

Ayollar, paykaldan ko‘tarmang boshni, Faqat, mehnat qiling, yillar kutmaydi. Shiyponlarda kutib - kuzating quyoshni, Kelajak avlodlar bizni unutmaydi!.. Biz shunday butifoslar topamiz hali, Paxtamizni yillab tersak bitmaydi. Xirmonlar osmonga tegar yuksalib, Kelajak avlodlar bizni unutmaydi. Erkaklar, kitoblar o‘qing, ov qiling, So‘qmoqlarda so‘nggi jayronlar titraydi So‘nggi yo‘lbarslarning terisini shiling, Kelajak avlodlar bizni unutmaydi. Og‘ular topamiz - chuvalchanglar ilib, Hech kim qarmoqlarda baliq tutmaydi. Delfinlar sohilda yotadi cho‘zilib, Kelajak avlodlar bizni unutmaydi... Shoirlar dunyoga tanitib elin, Mukofotlar bilan bir-birin qutlaydi. Navoiy bobosin tushunmay tilin, Kelajak avlodlar bizni unutmaydi!.. Buni taraqqiyot derlar. Biz o‘sdik, O‘saverdik, hech kim inkor etmaydi. Tog‘larni qo‘porib, daryolarni to‘sdik, Kelajak avlodlar bizni unutmaydi. She'rim - qarog‘imdan oqqan yoshlarim, Anglarmisiz uni, hech ko‘zim yetmaydi... Barakalla sizga, zamondoshlarim, Kelajak avlodlar bizni unutmaydi!
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.