Manzara
2019
she'r
Quyoshga qarab oqqan suv
Bedapoya to‘ridagi juftin qidirib,
Sayray-sayray jimib qoldi bedana dilgir.
Suvsumbulni va'dasiga ko‘mib, ko'ndirib,
O‘ynatgani olib ketdi irmoq qaygadir.
Qir tomondan poda qaytib kelarkan qator
Kumush sohil bo‘ylariga changlar yastanib,
Qishloqning eng chekkasidan bahaybat chinor
Ufq tarafga qarab qo‘ydi xavotirlanib.
Quyosh osmon etagiga osilib mana,
Bir xo‘rsinib, ko'zdan g'oyib bo‘ldiyu keyin
Qo'shni qizning havasini keltirib yana
Tolko‘chaga suv sepishni boshladi kelin...
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish