Qariqiz
2019
she'r
Quyoshga qarab oqqan suv
Qariqiz, Qariqiz, senga bir savol,
Yelkangni toʻldirib soching yigʻlarmi?
Oʻttizdan keyingi tonglaring malol,
Kunlar koʻkragingga botgan xanjarmi?..
Qariqiz, Qariqiz, senga bir savol,
Nelarni oʻylaysan kechalarda sen?
Nimalar haqida surasan xayol,
Kelinchaklar oʻtgan koʻchalarda sen?..
Sen saratonda ham yashnagan bahor,
Sen zimistonda ham chaqnagan nahor.
Yuzlaring gʻazalu koʻzlaring gʻazal,
Sening kuygan koʻngling guldan-da goʻzal!
Shunday goʻzalsanki, yorugʻ dunyoda
Seni bir koʻrib sevmagan qolmagan.
Ammo birortasi botinib kelib,
Yurak izhorini ayta olmagan...
Goʻzal qiz, Asal qiz,
Senga yoʻq savol,
Sen - tengi topilmay oʻtayotgan hilol!
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish