Yigirmanchi asr
2019
she'r
Quyoshga qarab oqqan suv
Farhodlar videoga moʻltirab oʻsar,
Shirinlar bir-birin sochini kesar.
Shudgorni kim kechar, Daryoni kim toʻsar...
Yigirmanchi asr, bu qanday gap axir?
Fasllar aylanar, bitta fasl yoʻq,
Qahraton kechikkan kuzga urar doʻq.
Aʼzoi badaning snaryad-u oʻq,
Yigirmanchi asr, bu qanday gap axir?
Nima deysan yana gazetalarga,
Qanotli, qanotsiz raketalarga,
Koʻzingga termulgan planetalarga...
Yigirmanchi asr, bu qanday gap axir
Yoʻldoshni quchoqlab yigʻlaydi osmon,
Kemalar poyida titraydi ummon.
Erta yer yuzida kim qolgay omon,
Yigirmanchi asr, bu qanday gap axir?
Yulduzlar yonidan hayda zogʻlarni,
Kunduzlar yonidan hayda dogʻlarni,
Yer yutsa boʻlmasmi urushqoqlarni,
Yigirmanchi asr, bu qanday gap axir?
TINCHLIK - shudir mening eng tansiq soʻzim,
Ovutib yashayman oʻzimni-ku, oʻzim,
Koʻzimga javdirar bir yashar qizim...
Yigirmanchi asr, bu qanday gap axir?!
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish