Uch og‘il va bir qiz qissasi

2019 she'r Quyoshga qarab oqqan suv

Mo‘min cholning uch o‘g‘il, Yolg‘iz qizi bor edi. Tuhfa edi taqdirdan, Kampirdan yodgor edi. Qiz ertaga egasi Olib ketar ko‘chday gap. Yurt kezardi chol bu kun, Kenjaga kelin izlab. Qariganda to‘rt tomon Zir chopish qiyin ekan. O‘g‘ling qaysar bo‘lsa goh, Qiz topish qiyin ekan. Kampir tirik bo‘lganda Kamayardi zahmati. Tili shirin, gapga xo‘b Chechan edi rahmatli. To‘y – bir kunlik. Pul nima, Azizmidi jonidan, Mo‘min ozroq pul oldi Eski qadrdonidan. Beka bo‘ldi tovusday, Kenja o‘g‘il qallig‘i. Kelin emas, Xudoning Bergan oltin balig‘i. Bir kechaning izohi – Yarmi quvonch, yarmi g‘am. Eh, qaniydi, shu kunni Ko‘rganida kampir ham. Hayot har o‘yiniga O‘zi topar ta’rifin: Og‘zi oshga yetganda Burni qonar g‘aribning. To‘y o‘tdi-yu to‘shakka Yotib qoldi Mo‘min chol. Juda og‘ir hasratga Botib qoldi Mo‘min chol. Ajal ostona uzra Turar ekan suzilib, Yolg‘iz qizi qismatin O‘ylardi u ezilib. Jon degani omonat Odam Ato o‘g‘liga – Mo‘min o‘ldi. Tumonat El yig‘ildi hovliga. Marhum qanday zot edi? – Udumda bor bu savol. Halol edi, dedilar, Halol edi Mo‘min chol. El chayqalib, yelkaga Tobutni ortgan oni, Ozroqqina qarzini Eslatdi qadrdoni. Muslimga omonatdan Ulug‘ farzi ado yo‘q. Xaloyiq lol. Bu ne hol – Uch o‘g‘ildan sado yo‘q. Uch pahlavon uch pari – Paykarga qul edilar. Otamning bunday do‘stin Tanimaymiz, dedilar. Qiz-ku erta egasi Olib ketar ko‘chday gap. Ammo bu kun davraga Otildi u qon yig‘lab. Ayting, dedi, bas qilsin Akalarim arzini. Bo‘y yetgan kun to‘layman Men otamning qarzini. Ravo topsa u kimni, Bosh qo‘yaman ko‘ksiga. Qarz o‘rniga qalinim Tegsin otam do‘stiga! Xaloyiq lol. Bu ne hol, Bu ne savdo, yoronlar – Otasidan oldinroq O‘lar bo‘ldi o‘g‘lonlar! Rivoyatmas aytganim, Hikmat bo‘lmas yolg‘onda. Bu voqea ro‘y berdi Shu kunda, shu zamonda. Qarzdan kechib ketsa ham, Ota do‘sti hayratda. Uch o‘g‘ilni qishloqdan Haydadilar, albatta. Qiz-chi, dersiz, qiz hayot, Yashar ota makonda. Chunki unga munosib Yigit yo‘q bu jahonda.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.