Inson
2019
she'r
Quyoshga qarab oqqan suv
Yulduzlarni yutib yubordi bu tun,
Yutdi-yu unutib yubordi bu tun.
Shunday tunda agar yigʻlaging kelsa,
Sen odam ekansan, odam ekansan.
Chaqaloq tugʻildi - sochi qop-qora,
Koʻzini ochmasdan jilmaydi, qara.
Shunday kunda agar kuylaging kelsa,
Sen odam ekansan, odam ekansan.
Men taskin izladim kuygan jonimga,
Suydim, balolarga qoldim, yonimga
Kelib sekin holim soʻraging kelsa,
Sen odam ekansan, odam ekansan.
Tanho bilmasa ham, bilsa ham Vatan,
Yigʻlasa ham Vatan, kulsa ham Vatan,
Unga jonni tikmoq tilaging boʻlsa,
Sen odam ekansan, odam ekansan.
Qahr bu - adovat, araz oʻtkinchi,
Quyosh koʻtarilib, quyosh botguncha,
Kerakmaslarga ham keraging boʻlsa,
Sen odam ekansan, odam ekansan.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish