Shirin azobim — sevgi
2019
she'r
Quyoshga qarab oqqan suv
Ey gul,
Seni unutdim,
Uzib ketdi boshqalar.
Mana, endi ilk sevgim
Yuragimga tosh qalar...
O, bu toshlar bir og‘ir,
Har qirrasi qizil cho‘g‘,
Og‘riydi, jonim og‘rir,
Bu og‘riqqa davo yo‘q...
G‘uncha eding,
Gul eding,
Ochilmasdan so‘lding-ku,
Baxtim eding bor umrim
Yetmas azob bo‘lding-ku!
Unutmoq ham shunchami,
Dunyo to‘ldi bo‘g‘zimga.
Yonib turgan kunchalik
Botib qolding ko‘zimga...
Ey gul, sendan kechdimu
Unutolmay bag‘rim qon.
Xayolingdan o‘chdimu
Xayolimda sen hamon
Uzib ketdi boshqalar,
Yulib ketdi boshqalar.
Mana endi bir armon
Yuragimga tosh qalar.
O, bu armon ko‘p og‘ir,
Har qirrasi qizil cho‘g‘.
Og‘riydi, jonim og‘rir,
Bu og‘riqqa davo yo‘q...
Bir kun ko‘rib tanidim,
Tosh yo‘ldagi izingni.
Peshvoz chiqqan men edim,
Ketding burib yuzingni.
Salom sevgim — azobim!
Boq, bevafo yoringga.
Shukur qildim ortingdan
Bu dunyoda boringga.
Ketding xayol singari,
Qadamingdan chaqnab cho‘g‘.
Baxtli ayol singari
Bebaxt bilan ishing yo‘q.
Yana to‘sdi yo‘limni,
Yana to‘sdi ilk sevgim.
Muzlab qolgan qo‘limni
Yuragimga bosdi jim.
Bo‘ldi yurak, yig‘lama,
Yig‘lagandan ne foyda?
Hijron yo‘li muzlama,
Toymoq oson bu joyda.
Toyding — ketding,
Ketganni
Sog‘inmoq yo‘q sevgida.
Biz boy berdik imkonni,
Qoqinmoq yo‘q sevgida.
Qara, qizil gulxanday
Oftob boqar ufqda.
Yana bir kun qiynalmay
Aylanmoqda qo‘shiqqa.
O‘tmishga aylanmoqda,
Aylanmoqda o‘tmishga...
Dil qushga aylanmoqda —
Dil yana soqov qushga!
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish