Ko‘nglimdagi yor
2019
she'r
Quyoshga qarab oqqan suv
Muhabbat bog‘iga kirmadim bir bor,
Suyib bir gulga qo‘l urmadim bir bor.
Endi tunlar yig‘lar menga qo‘shilib
Ko‘nglimda bir yor-u qo‘ynimda bir yor.
Biri birisiga o‘xshamas, yo Rab,
Ko‘zimning yoshlari to‘xtamas, yo Rab.
Kuyarman bir unga, bir munga qarab...
Ko‘nglimda bir yor-u qo‘ynimda bir yor.
Birin erkalayman dudog‘im bilan,
Birisin erkalab nigohim bilan ―
Yasharman savob-u gunohim bilan,
Ko‘nglimda bir yor-u qo‘ynimda bir yor.
Birin hur deyinmi, birin guloyim,
Suymaganim suyganimdan muloyim.
Bu qanday ko‘rgilik ekan, Xudoyim,
Ko‘nglimda bir yor-u qo‘ynimda bir yor.
Daryoman, ikkita qirg‘oqda ko‘zim,
Tovonimda bo‘zim, tomoqda bo‘zim.
Ikki o‘t ichida qiynoqda o‘zim,
Ko‘nglimda bir yor-u qo‘ynimda bir yor.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish