Yulduz
2020
she'r
Alyorim qolur
YULDUZ
Hur qizmanu hur jonimga posbon yo‘q,
Yulduzmanu qadrim bilgan osmon yo‘q.
Tengimni topolmay toqman taxtimda,
Malikaman — menga loyiq sulton yo‘q.
Men misli moviy chamanda bulbul,
Lab ochsam, hamisha poyim to‘la gul.
Rozimni tushungay bilmaslar ham til,
Dilimni tushungan bitta inson yo‘q.
Yoqutman, yo‘limga zorlar ne zotlar,
Oltin ayvoniga chorlar ne zotlar.
Nigohim tushmayin yuragim dodlar,
O‘jar qizman, mendek o‘jar o‘g‘lon yo‘q.
Bag‘ringga botdimi yolg‘iz bu boshim,
Qo‘y, meni ovutma, artma ko‘z yoshim.
O, hayot, azizim, о bag‘ri toshim,
Men asov daryoman, menga to‘g‘on yo‘q.
Xazondek sochilgan poyimga zarlar,
Dunyoning ziynati bo‘ynimda porlar.
Ko‘ksimda jaranglab yotar xanjarlar,
Uyimda har na bor, bir Marg‘ilon yo‘q.
Hur qizmanu hur jonimga posbon yo‘q,
Yulduzmanu qadrim bilgan osmon yo‘q.
Tengimni topolmay toqman taxtimda,
Malikaman — menga loyiq sulton yo‘q.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish