Mening sevgim
2020
she'r
Alyorim qolur
MENING SEVGIM
Mening sevgim, mening g‘ussam,
Sendan qanday ko‘ngil uzsam.
Ishon, so‘zim yolg‘on emas,
Ko‘ngil uzmoq oson emas.
Mening Majnun holimga boq —
Ko‘zimning yoshlari irmoq.
Qiyin emas ko‘ngil bermoq,
Ko‘ngil uzmoq oson emas.
Kecha biz shod edik, hay-hay,
Go‘yo bizdan bo‘lak yo‘qday.
Xayr deyman senga qanday —
Ko‘ngil uzmoq oson emas.
Kecha baxtli edik, jonim,
Qumlardan uy qurdik, jonim.
Qanday uyni buzdik, jonim,
Ko‘ngil uzmoq oson emas.
Degaylar, bu bir kam dunyo,
Omonat goh, mubham dunyo.
Uzilsa jon ne g‘am, ammo
Ko‘ngil uzmoq oson emas!..
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish