Yolg'onchi yor
2020
she'r
Alyorim qolur
YOLG‘ONCHI YOR
Yolg‘onchi yor, yolgonlaring tugar qachon?
Yolg‘on yig‘lab, kuyganlaring tugar qachon?
Qachon menga bir iltifot aylagaysan?
Qachon tugar sitamlaring karvon-karvon?
Yolg‘onchi yor, yolg‘onlaring tugar qachon?
Majnun bo‘ldim sahrolarda, bir soya yo‘q,
Menga oftob — qaroqchidan himoya yo‘q.
O‘ngimda cho‘g‘, so‘limda cho‘g‘, ko‘nglimda cho‘g‘,
Jonim sayyod qo‘lidagi jayron-jayron,
Yolg‘onchi yor, yolg‘onlaring tugar qachon?
Uzun tunlar bekorga men to‘lg‘onmasman,
Parizodim, seni sevdim, hech tonmasman.
Ming bir kecha ertaging ayt — ishonmasman,
Ishonmay ham ko‘zimda yosh marjon-marjon,
Yolg‘onchi yor, yolg‘onlaring tugar qachon?
Jannat ishvasiga uchib kim chopmagan?
Taqdir mening peshonamga qil yopmagan.
Noshud qulman, chaman kezib, gul topmagan,
O‘z holimga endi o‘zim hayron-hayron,
Yolg‘onchi yor, yolg‘onlaring tugar qachon?
Tushunmadim muhabbatning shevasiga,
Ko‘ngil berdim senday qizning nimasiga?
Nega mindim omonat ishq kemasiga?
O‘z umrimni o‘zim qildim vayron-vayron,
Yolg‘onchi yor, yolg‘onlaring tugar qachon?
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish