Jangchi shoir maktubi
2020
she'r
Alyorim qolur
JANGCHI-SHOIR MAKTUBI
Olislarda hilpiragan go‘shangami,
Seni kimga uzatishar, ishonganim?
Yor-yor aytar qizlarmi yo shum yangami?
Kechir endi, to‘yingga men borolmayman.
Tushlarimda esa oltin soylar bugun,
Farg‘onada qolgan so‘lim joylar bugun.
Bilmam endi, kimlar yo‘lim poylar bugun,
Kechir dildor, to‘yingga men borolmayman.
Yurtimni deb, yurtimdan uzoqib ketdim,
Tohir bo‘lib daryolarda oqib ketdim.
Bir qirg‘oqqa ko‘zim to‘ymay boqib ketdim,
Kechir endi, to‘yingga men borolmayman.
Bunda hali o‘chim qolgan dushmanlar bor,
Ko‘kragidan o‘q yeb, munkib tushganlar bor,
Sevaman deb, sho‘r tuproqni quchganlar bor,
Kechir dildor, to‘yingga men borolmayman.
Qiz baxtimni qaro qilgan onam dema,
Qismatim shu ekan-da, peshonam dema.
Qayda qoldi shoir-mahmadonam dema,
Kechir endi, to‘yingga men borolmayman.
Yurt oldida sinov-imtihonlar kechdim,
Olov kechdim, tizza bo‘yi qonlar kechdim.
Men seni deb olislarda jondan kechdim —
Kechir dildor, to‘yingga men borolmayman.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish