Mening sevgim
2020
she'r
Alyorim qolur
MENING SEVGIM
Mening sevgim, men bilmadim, mening sevgim,
Ko‘zing shahlomidi sening, xumormidi.
Ertakdagi Layli senday dildormidi,
Ay, yuzingni bir ko‘rmadim, mening sevgim.
Goh gul bo‘lib yashnadi dil, goh so‘ldi dil,
Goh yig‘latib, gohi o‘zi qon bo‘ldi dil.
Tomog‘imda chirqiragan jon bo‘ldi dil,
Ay, yuzingni bir ko‘rmadim, mening sevgim.
Sen qush bo‘lib uchding-ketding, tutolmadim,
Ohu bo‘lib qochding, quvib yetolmadim.
Bir bor ko‘rib, bir shirin so‘z aytolmadim,
Ay, yuzingni bir ko‘rmadim, mening sevgim.
Jannat gulin lablaridan lazzat so‘rdim,
Omad gulin yuzlarida chimmat ko‘rdim.
Shoir bo‘ldim, shohlardan ko‘p izzat ko‘rdim,
Ay, yuzingni bir ko‘rmadim, mening sevgim.
Seni faqat olislardan allaladim,
Erkalasam — xayolimda erkaladim.
Sochlaringni tushlarimda siypaladim,
Ay, yuzingni bir ko‘rmadim, mening sevgim.
Soch oqardi yurakdagi shu bir cho‘g‘ deb,
Armondagi, tilakdagi shu bir cho‘g‘ deb.
Yuragim qon yig‘lar bo‘ldi sevgi yo‘q deb,
Ay, yuzingni bir ko'rmadim, mening sevgim.
Ana, ajal ostonamda turar bo‘ylab,
Farishtalar chorlar meni o‘lan so‘ylab.
Jannatlarda zerikarman seni o‘ylab,
Ay, yuzingni bir ko‘rmadim, mening sevgim.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish