Dunyo
2020
she'r
Alyorim qolur
DUNYO BU
Bir qarasang, baland taxtda o‘ltirar,
Boshing silab, qomingni ham to‘ydirar.
Bir qarasang, o‘zi non, deb mo‘ltirar —
Birda podshoh, birda irmoq dunyo bu.
Bir qarasang, qirg‘og‘idan toshadi,
To‘lqinlari bulutga yondoshadi.
Bir qarasang, zo‘rg‘a bir tosh oshadi —
Birda irmoq, birda daryo dunyo bu.
Bir qarasang, qulundayin o‘ynoqi,
Bo‘shatilgan bo‘ynidan bo‘yinbog‘i.
Bir qarasang, tizza to‘la titrog‘i,
Bir kun bola, bir kun momo dunyo bu.
Bir dardim bor — tor keladi ko‘kragim,
Aytsam yig‘lab, sel bo‘ladi o‘zbagim.
Ayting, qachon el bo‘ladi o‘zbagim?..
Mirtemirni qilgan ado dunyo bu.
Ot ham yomon ko‘rar otning zo‘rini,
Turta-turta quritadi sho‘rini.
To‘ra bo‘ldik — ko‘rmay joylar to‘rini,
Ko‘pkariday ajab savdo dunyo bu.
Ey, karamli hayot, sendan aylanay,
Ko‘ksimdagi bayot, sendan aylanay.
Neki bersang — bergil odam tanlamay,
Bir yelpinib o‘tar sabo dunyo bu!
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish