O'zbek
2020
she'r
Alyorim qolur
Qiyosi yo‘q aslo, mehri bir daryo,
O‘xshasa o‘ziga o‘xshaydi o‘zbek.
Bolalariga-ku bildirmas, ammo,
Dunyoda bolam, deb yashaydi o‘zbek.
O‘nta bo‘lsa, o‘rni boshqa uning-chun:
O‘g‘lim otashimdan yaralgan uchqun,
Qizim parilardan chehrasi gulgun,
Yuzlari lolam, deb yashaydi o‘zbek.
Bir qo‘lda belanchak, bir qo‘lda Qur’on,
Bir yelkada ketmon, birida iymon,
Barchaga barobar bir oftobsimon,
Yashnasin olam, deb yashaydi o‘zbek.
Momolari tetik yuzga kirsa ham,
Bobolari qaysi yigitlardan kam?
Nabirasi bo‘lsa bitta uyga jam,
To‘shak yetmay to‘nin to‘shaydi o‘zbek.
Kindik qoni tomgem tuproq unga — shon,
Kerak bo‘lsa, beso‘z baxsh etar-u jon —
Ko‘krakka urmaydi: Vatan deb, Vatan!
Alpomish o‘g‘longa o‘xshaydi o‘zbek.
Ehtirom etganga ehromlari bor,
Kekkayganga bo‘yin egmaydi zinhor,
Beshik to‘la jajji Islomlari bor —
Tosho‘tmas qo‘rg‘onga o‘xshaydi o‘zbek.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish