O'zi asrasin

2020 she'r Alyorim qolur

Hotam dunyo himmatlari bor, Hikmati bor har bir tuhfasin. Yuz yilda bir tug‘ilar sardor, Parvardigor o‘zi asrasin. Beshikda tinch uxlar go‘dak jon, Kulgusiga sadaqa bu jon. Millat uchun kim bo‘lsa qalqon, Parvardigor o‘zi asrasin. Yomon ko‘zdan saqlasin zinhor, Kamolingni ko‘rolmaslar bor. Kimki karvon boshidagi nor — Parvardigor o‘zi asrasin. Dunyoga boq, xayol yetmagan Burchagi yo‘q olov ketmagan. Osmoni tinch, osuda Vatan Parvardigor o‘zi asrasin. Boshin silab yosh-u kattasin, Chinordayin shox-u navdasin, Asraguvchi Temurzodasin Parvardigor o‘zi asrasin. Kengashganga dunyo keng, axir, Biring yoqa, biring yeng, axir. Qavmim, kel, deb kim ochsa bag‘ir — Parvardigor o‘zi asrasin. Ko'rdik, axir, mum yutgan, mulzam, Bir haftalik podsholarni ham. Sarbonini, xalqidek o‘ktam — Parvardigor o‘zi asrasin. Yurtim, yod et nahor-u shoming, Tilingda shu bo‘lsin kaloming: Kim tiklasa dini isloming — Parvardigor o‘zi asrasin. Joningni tut joni fidoga, Aytganing bor ekan Xudoga. O‘zbekiston, qo‘l och duoga — Parvardigor o‘zi asrasin.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.