Xalq bo'l elim
2020
she'r
Alyorim qolur
Qadim yurtga qaytsin qadim navolarim,
Qumlar bosib qurimasin daryolarim.
Alpomishga alla aytgan momolarim
Ruhini shod etay desang — xalq bo‘l, elim!..
Dunyoga boq, qaddi sendek kim bor yana,
Dovrug‘i ham dardi sendek kim bor yana.
Xalq bo‘lishga haddi sendek kim bor yana,
Moziyni yod etay desang — xalq bo‘l, elim.
Sen tebratgan beshigini Sohibqiron,
Sening bolang yulduzlarga qo‘ygan narvon.
Bir mayizni qirqqa bo‘lgan bir tanu jon —
Kunlaringga qaytay desang — xalq bo‘l, elim.
Daryo bo‘lib jo‘shgin endi zavqi ulug‘,
Bayramingda sevinch ko‘z yoshingga qulluq,
Yurtim degan jasur Yurtboshingga qulluq,
Unga qanot bo‘lay desang — xalq bo‘l, elim.
Bo‘lar elning bolalari bir-birin der,
Bo‘lmas elning bolalari bir-birin yer.
Bir bo‘l endi, qadri baland qaddingni ker,
Xalq bo‘l, elim, xalq bo‘l, elim, xalq bo‘l, elim!
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish