Sevgi bu
-
She'r
Internet manba
Sevmoq, bu
Kechirmoq degani asli,
Toki bu dunyoda quyosh bor, gul bor.
Yalpizlar gullagan shu bahor fasli,
Sodiq hamdam bo‘lgin sen menga, dildor.
G‘iybatlar tingladim, aylandi boshim,
Ho‘l tuproq kuydirdi tovonlarimni.
Va mana men unga ko‘nglimdan yulqib
Ko‘mdim beor do‘stdek gumonlarimni.
O‘ylar suraverdim kechalar tanho,
Goho jiqqa yoshga to‘lganda ko‘zim.
Va seni sevmoqdan oldin bir kuni
Dildan sevib qoldim o‘zimni o‘zim...
Sevmoq bu o‘zingni anglamoq asli,
Toki zamin aro quyosh bor, gul bor.
Rayhonga ko‘milgan shu bahor fasli,
Sadoqatli yor bo‘l sen menga, dilbar.
Sevgilim, men seni sevaman, tamom,
G‘amgin ko‘zing, hadik to‘la ko‘zingni.
Sevmoq, bu kunda bir ko‘rmoq baxtidir
Ozg‘in qo‘llaringni, sepkil yuzingni...
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish