Ota
-
She'r
Internet manba
Yusuf otaga
Armonim bor, bu dunyoda armonim bor,
Qoq dalada o'tlar bosgan o'rmonim bor.
Qizg'aldoqday boshim egik bu makonda,
Yoshin yashab o'tmagan otajonim bor.
Ota desam, bag'ri-dilim yonaverar,
Kunim yonar, oy-u yilim yonaverar,
Mozoriga qo'ygan gulim yonaverar,
Tutunlarga to'lib ketgan osmonim bor.
Esaversin jannatlardan kelgan nasim,
Momo yerim, o'zingsan eng muqaddasim,
Bag'ringda jim tinglab bu tun jon nafasim,
Ruhimni allalab yotgan jahonim bor.
Odam bo'lib bir odamni tushunmaslar,
Ko'zingda yosh ko'rib ham goh o'kinmaslar,
Bosgan izim poylab yurgan ey nokaslar,
Qabrdan qo'l cho'zib turgan qalqonim bor...
Men otamdan qolgan erkin sado-sasman,
Qonimga yot navolarga qayrilmasman,
O'lgunimcha endi undan ayrilmasman-
O'z otamdek bo'lib qolgan imonim bor.
Armonim bor, bu dunyoda armonim bor,
Keng dalada gullar bosgan o'rmonim bor,
Qizg'aldoqlar bosh egib qon yig'lab turgan
Bu makonda mening ham nurjahonim bor.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish