Oqibat
-
She'r
Internet manba
Mehr yuraklarda qotsa ichikib,
Oqibat ham bo'lgay anqo urug'i.
Elning kichigini g'ajir kichigi,
Ulug'ini esa ulug'i..
Polvoni polvonin chalmoqqa mahtal,
Dorbozi dorbozin ko'rolmay yashar.
Hofizlari qo'shiq aytishdan avval,
Bir-birlarin qarg'ab ovoz sozlashar.
Ziyolilariga kerakmas maydon:
Tinchitar bir-birin sal g'oyibona,
Olimi olimin olimlik bilan,
Shoiri shoirin ham shoirona!..
Mehr yuraklarda qotsa ichikib,
Oqibat ham bo'lg'ay anqo urug'i,
Elning kichigini g'ajir kichigi,
Ulug'ini esa chaynar ulug'i.
Andisha degan bir bog' bo'lar vayron,
Go'yo bu chamandan yalmog'iz o'tgan.
Onalar qizlarin tanimay hayron,
Qizlarin onalarin ismin unutgan.
Bir umr yelkada ko'tarib o'zi,
O'zi bolasining rahmiga mushtoq.
O'g'illar mushtidan ko'karib yuzi,
Otalar yig'lagay sochlari oppoq...
Bo'ldi. She'rim tamom. Axir siz chidab
Yuribsiz-ku, nima qipti men yursam.
Tomog'imda jonim turibdi yig'lab,
Jondan ayrilaman endi gapirsam!..
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish