Ozoda
2019
She'r
Quyoshga qarab oqqan suv
Ozodani sevaman men,
Ozodani, Suluvlarning sarvari-xonzodani.
Yo‘latmasman yoniga shabbodani,
Ozodani sevaman men, Ozodani.
Ko‘rganman-u ko‘rganim ertasidan,
Yuragim qoq bo‘lingan o‘rtasidan.
Har kuni bir o‘taman ko‘chasidan,
Ozodani sevaman men, Ozodani.
O‘taman-da. O‘tmasam bo‘lmaydi hech,
O‘tmay desam, ko‘ngil o‘lgur to‘lmaydi hech.
Ko‘zim toyib ketaverar-qo‘ymaydi hech,
Ozodani sevaman men, Ozodani.
Bir eslasam zirqillaydi bandi-bandim,
Kechagina bir qizchani o‘ynatgandim!
Kuchugiga oqqand berib o‘rgatgandim,
Ozodani sevaman men, Ozodani.
Tushunmaslar kuladi:esiz-esiz,
Kimdir ermak qiladi:esiz-esiz,
Xotinim ham biladi nima deysiz?
Ozodani sevaman men, Ozodani.
Yigit qirqda qirchillab g‘arq pishadi,
Erta-indin sochimga oq tushadi,
Chin oshiqlar qirq yilda topishadi!
Ozodani sevaman men, Ozodani.
Sevgan edim hamon u suyukli yor,
Bilagida barmog‘imning izi bor.
Ozodaning bir o‘g‘il, bir qizi bor...
Men baribir sevaman Ozodani.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish