Bag'ishlov
-
She'r
Internet manba
Bu shunday bevafo dunyo, bu hayot,
Tunda tug‘ishganing tongda yetti yot.
Balki taqdir shudir, balki shu qismat,
Bizdan rozi bo‘ling ruhi notinch zot.
Boringizda bizga bo‘ldingiz Ota,
Yo‘g‘ingizda yo‘qdan qidirdik xato.
Beayb Parvardigor, deydilar hatto,
Bizdan rozi bo‘ling ruhi notinch zot.
Hali tuprog‘ingiz sovimay turib
Ruhingiz qaqshatdik qabringiz surib.
Chig‘atoy tomonga ketdingiz yurib,
Bizdan rozi bo‘ling ruhi notinch zot.
Qabr uchun dildan joy topganlar boshqa
Qul bo‘lib shoh qo‘lin o‘pganlar boshqa,
O‘lganning ustidan tepganlar boshqa,
Bizdan rozi bo‘ling ruhi notinch zot.
Sizni alqaganlar bir xalq, bir dengiz
Sizni qarg‘aganlar jo‘ralaringiz.
Sizni ado qildi to‘ralaringiz,
Bizdan rozi bo‘ling ruhi notinch zot.
Sizni zolim desak ranjir adolat,
Farishta desak ham ko‘ngil xijolat.
Insonsiz — omadli, gohi beomad,
Bizdan rozi bo‘ling ruhi notinch zot.
Kim bo‘lmang sizdan shu yurt bizga meros,
Yo‘qchilik, to‘qchilik, ne bo‘lsa ro‘y-rost.
Endi tuproq sizni aylasin e’zoz,
Bizdan rozi bo‘ling ruhi notinch zot...____________________________________
Shohlarga hamisha xushomad zomin,
Ko‘zin yog‘in yalab, sotarlar nomin.
She’rim ham tugadi, o‘zbekcha omin,
Bizdan rozi bo‘ling, ruhi notinch zot!
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish