Zebi, Zebi

2019 She'r Quyoshga qarab oqqan suv

Suzilma oy osmonda, Sendan to‘lin yuzlar bor. Surxon degan tomonda Oydan oydin qizlar bor. Zebi deyman, Zebona, Ishqingda men devona, Bolalikda do‘st qizlar, Bo‘yga yetgach — begona!.. Chog‘im yetmas chog‘lasam, Oftob erir taftidan. Kechagina xohlasam, Suv ichardim kaftidan. Zebi derdim, Zebona, Ishqingda men devona. Bolalikda do‘st qizlar, Bo‘yga yetgach begona... Na u menga elandi, Na men unga qayrildim. Do‘stim unga uylandi, Do‘stimdan ham ayrildim. Zebi dedim, Zebona, Sevganim sen yagona. Bolalikda sog‘ qizlar Bo‘yga yetgach — devona!..
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.