O‘zingdan qo‘ymasin xalqim

2007 she'r Saylanma

O‘ZINGDAN QO‘YMASIN, XALQIM Qushday uchib quchog‘ingdan dunyo kezdim, Kezib-kezib topganlarim sog‘inch bo‘ldi. Qancha olis ketsam shuncha qadring sezdim, Qayda yursam yodi mehring ovunch bo‘ldi. Aylanayin qaro qoshu ko‘zingdan-a, O‘zingdan qo‘ymasin, xalqim, o‘zingdan-a. Birov uchun birovlar tush ko‘rib bermas, Minnat qilmay bir bog‘ o‘tin o‘rib bermas. Bayramingda oylab bazm qilgan kaslar Boshingga ish tushsa turib bermas. Nomus kuyi tushmasin hech bo‘g‘zingdan-a, O‘zingdan ko‘ymasin, xalqim, o‘zingdan-a. Erk vodiysi — zahmatlarga siylovdir bu, Toy qoqilib ot bo‘lguvchi yaylovdir bu, Ranj chekmasang nurli, nurli tonglar qayda Sinovdir bu, balki buyuk sinovdir bu. Bosh ketsa ham qaytma endi so‘zingdan-a, O‘zingdan qo‘ymasin, xalqim, o‘zingdan-a. Boldan shirin tatir qora bug‘doying ham, O‘zingdan bo‘lsa gar shohu gadoying ham. Bir tanu jon, bir-biringdan rozi yursang, Xudoyim ham sendan rozi, xudoyim ham. Gohi ipak, gohi yaktak, bo‘zingdan-a, O‘zingdan qo‘ymasin, xalqim, o‘zingdan-a. Er boshiga ish tushsa o‘t kechguvchidir, Chidaymiz-da, bu zahmatlar o‘tkinchidir. Hurliging haq — qolgan bari o‘taversin, Bu dunyoda eng yorug‘ baxt — el tinchidir. Ayirmasin beminnat non, tuzingdan-a, O‘zingdan qo‘ymasin, xalqim, o‘zingdan-a.
Audio yozuvlar

O‘zingdan qo‘ymasin xalqim

Telegram